Seriya: TypeScript Basics Dars 2

Type Inference

TypeScript'da type inference qanday ishlashi, qachon ishlashi va qachon aniq tip yozish kerakligi haqida.

2-dars

Type Inference

Agar TypeScript'da har bir o'zgaruvchiga tip yozish majburiy bo'lganida, kod haddan tashqari og'ir va uzun bo'lib ketardi:

// Agar har doim aniq tip yozish shart bo'lsa:
let x: number = 5;
let name: string = "Ali";
let isActive: boolean = true;

Aslida bularning aksariyatida tipni qo'lda yozishning hojati yo'q — chunki qiymatning o'zidan tip allaqachon aniq. TypeScript buni avtomatik aniqlaydi, bu esa kodni qisqa va toza saqlaydi, shu bilan birga tip xavfsizligini yo'qotmaydi.

Qanday ishlaydi?

TypeScript o'zgaruvchiga berilgan boshlang'ich qiymatga qarab, uning tipini avtomatik xulosa qiladi (infer qiladi):

let x = 5;          // TypeScript buni "number" deb biladi
let name = "Ali";    // "string" deb biladi
let isActive = true; // "boolean" deb biladi

x = "salom"; // ❌ Xato: Type 'string' is not assignable to type 'number'

E'tibor bering — biz hech qayerda : number yoki : string deb yozmadik, lekin TypeScript baribir keyingi qatorda xatoni ushladi. Chunki x e'lon qilingan zahoti unga number tipi "yopishib qoladi".

Bu funksiyalarning qaytariladigan qiymatiga ham tegishli:

function add(a: number, b: number) {
  return a + b; // return type avtomatik "number" deb xulosa qilinadi
}

const result = add(2, 3); // result — number

Muhim nuqta: inference faqat boshlang'ich qiymat berilganda ishlaydi. Agar o'zgaruvchi qiymatsiz e'lon qilinsa, TypeScript uni any deb hisoblaydi.

let y; // tipi — "any" (chunki boshlang'ich qiymat yo'q)
y = 5;
y = "endi matn"; // xato bermaydi, chunki any

Massivlar va obyektlarda ham inference ishlaydi, lekin ular strukturasini ham "eslab qoladi":

let numbers = [1, 2, 3]; // number[]
let user = { name: "Ali", age: 25 }; // { name: string; age: number }

Eng ko'p uchraydigan xato

Ba'zi dasturchilar inference ishlayotganiga qaramay, hamma joyga aniq tip yozishga urinishadi — bu ortiqcha va foydasiz:

// Keraksiz — TypeScript allaqachon buni biladi
const count: number = 5;
const title: string = "Dars";

// Yetarli — inference o'zi ishlaydi
const count = 5;
const title = "Dars";

Bundan-da jiddiyroq xato — inference qachon ishlamasligini bilmaslik. Masalan, funksiya parametrlarida inference umuman ishlamaydi:

function greet(name) { // ❌ 'name' implicitly has an 'any' type
  console.log(name.toUpperCase());
}

Chunki TypeScript parametrning qanday qiymat bilan chaqirilishini oldindan bilolmaydi — shuning uchun funksiya parametrlariga tip yozish deyarli har doim majburiy.

Inference asosan qiymat allaqachon mavjud bo'lgan joylarda (o'zgaruvchi initsializatsiyasi, return statement) ishlaydi, "bo'sh joy"larda emas.